So‘nggi yillarda yoshlar orasida bel churrasi (grija) holatlari keskin ko‘payib borayotganini kuzatmoqdamiz. Buning asosiy sababi — kundalik hayot tarzimizning o‘zgargani va umurtqa pog‘onamizga yetarlicha e’tibor bermayotganimizdir.
Mutaxassis sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, bel og‘rig‘ini keltirib chiqaruvchi 4 ta asosiy xavfli omil mavjud:
- Harakat kamligi: O‘qish yoki ish tufayli kun bo‘yi o‘tirib ishlash inson anatomiyasiga ziddir. Umurtqa pog‘onasi doimiy harakat uchun yaratilgan.
- Mushaklar kuchsizligi: Uzoq vaqt ekran qarshisida yoki dars ustida o‘tirish qorin va bel mushaklarini bo‘shashtiradi. Mushaklar kuchsizlansa, umurtqa disklariga tushadigan yuk ortadi va bu churra rivojlanishiga olib keladi.
- Noto‘g‘ri ovqatlanish va ortiqcha vazn: «Fast-food» va yuqori kaloriyali taomlar tana vaznining ortishiga sabab bo‘ladi. Ortiqcha vazn esa belga tushadigan bosimni oshirib, umurtqaning tezroq yeyilishiga (yemirilishiga) olib keladi.
- E’tiborsizlik: Har qanday bel og‘rig‘ini «o‘tib ketar» deb o‘ylash xavflidir. Agar og‘riq oyog‘ingizga o‘tsa, uyushtirsa yoki oyoqda kuchsizlik sezilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.
Yoshlarda davolash imkoniyati yuqori
Yuraklaringizni xotirjam qilmoqchiman: yoshlarda to‘qimalarning tiklanish qobiliyati yuqori bo‘lgani uchun bel churrasini operatsiyasiz davolashda muvaffaqiyat darajasi ancha yaxshi.
Ko‘pgina hollarda pichoq ostiga yotmasdan, fizioterapiya, maxsus mashqlar, manual terapiya va zamonaviy lazerli muolajalar yordamida sog‘lig‘ingizni tiklashimiz mumkin.
Kelajakda sog‘lom bo‘lish uchun «Oltin qoidalar»:
- Doimiy harakat qiling: Kun davomida tanaffus qilib, o‘rningizdan turib yuring.
- Mashq qiling: Qorin va bel mushaklarini mustahkamlovchi mashqlarni odatga aylantiring.
- Vazningizni nazorat qiling: Sog‘lom ovqatlanishga e’tibor bering.
- Bir xil holatda qotib qolmang: Uzoq vaqt bir holatda o‘tirishdan saqlaning.
Unutmang, kelajakdagi umurtqa salomatligingiz hozirgi odatlaringizga bog‘liq!
Fayzullaxon Nematullayevich Shukurov Ortoped-travmatolog va vertebrolog




