Skip to main content

Bugungi kunda yoshlar orasida bel churrasi muammosi juda ko‘payib bormoqda. Mutaxassis sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, bunga eng katta sabab — telefon va planshetlarga uzoq vaqt egilib qarab o‘tirishdir.

Belingizni kelajakda (ayniqsa, 40 yoshdan keyin) og‘riqlardan saqlab qolish uchun hozirdanoq quyidagi qoidalarga amal qiling:

Yoshlar va o‘smirlar uchun:

  • To‘g‘ri o‘tiring: Bukchayib (kambur) o‘tirishdan saqlaning.
  • Sumkani to‘g‘ri ko‘taring: Maktab sumkasini bir yelkada emas, ikkala yelkada teng taqib yuring. Sumka og‘irligi tana vazningizning 15 foizidan oshmasligi kerak.
  • Sport bilan do‘st bo‘ling: Suzish, gimnastika va yugurish kabi mashqlar tana mushaklarini mustahkamlaydi.
  • Gadjetlarni cheklang: Telefonga uzoq vaqt egilib qarab o‘tirish umurtqa pog‘onangiz uchun juda zararli.
  • Mashq qiling: 18-30 yosh oralig‘ida qorin va bel mushaklarini chiniqtiruvchi mashqlar (masalan, plank) juda foydali.
  • Tanaffus qiling: Agar uzoq vaqt o‘tirib ishlashingiz kerak bo‘lsa, har 30-45 daqiqada o‘rningizdan turib, biroz harakat qiling.
  • Zararli odatlardan voz keching: Sigaret chekish umurtqa disklarining oziqlanishini buzadi.

30-45 yoshdagilar uchun:

  • Vazningizni nazorat qiling: Ortiqcha vazn belga doimiy yuk beradi.
  • Yotoq tanlash: Juda yumshoq yotoqlar bel uchun xavfli. O‘zingizga mos, qattiqroq matras tanlang.
  • Bel og‘rig‘ini e’tiborsiz qoldirmang: «O‘tib ketar» deb kutmang. Bel og‘rig‘i — tanangiz sizga berayotgan signaldir.

45 yoshdan keyin:

  • Muntazam harakat: Piyoda yurish, yoga va suzish — eng yaxshi dori.
  • Belni asrang: Belni shamollatib qo‘ymang (sovuqdan saqlang).
  • Yuk ko‘tarishda ehtiyot bo‘ling: Birdaniga burilib yoki noto‘g‘ri holatda og‘ir yuk ko‘tarmang.

Unutmang: Kuchli qorin mushaklari — sog‘lom bel degani. Oz bo‘lsa-da, muntazam harakat qilib turish belingizni umr bo‘yi sog‘lom saqlashning kalitidir.

Fayzullaxon Shukurov Ortoped-travmatolog va vertebrolog

 

 

 

 

Яндекс.Метрика