Bel churrasi bilan bir xil belgilarga ega bo‘lgan dumg‘aza og‘riqlari bel, dumba va oyoqlarga tarqalib, insonning hayot sifatini pasaytirib yuborishi mumkin. Ayniqsa, o‘tirganda kuchayadigan og‘riqlar umuman boshqa kasallikdan darak berishi mumkin.
Bel va oyoq og‘riqlari ko‘pincha to‘g‘ridan-to‘g‘ri «bel churrasi» (grija) deb baholanadi. Biroq, mutaxassis Fayzullaxon Nematullayevich Shukurov bunday belgilar aslida dumg‘aza muammolarida ham uchrashini va bemorlarga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilib qolish xavfi borligini ta’kidlaydi.
Grija bilan adashtirish oson Fayzullaxon Nematullayevich Shukurovning aytishicha, dumg‘azadan kelib chiqadigan og‘riqlar faqat o‘sha joyning o‘zida sezilmaydi.
Og‘riq:
- Bel qismiga;
- Dumbaga;
- Oyoqqa tarqalishi mumkin.
Ba’zi bemorlarda hatto uvishish hissi ham kuzatiladi. Shu sababli ko‘pchilik bemorlar o‘zlariga noto‘g‘ri «bel churrasi» tashxisini qo‘yishadi.
Yillar o‘tib ham paydo bo‘lishi mumkin Dumg‘aza og‘riqlarining eng asosiy sabablari quyidagilar:
- Yiqilishlar (ayniqsa, dumg‘aza bilan qattiq yerga tushish);
- Avtohalokatlar;
- Tug‘uruq paytidagi jarohatlar;
- Uzoq vaqt kompyuter qarshisida o’tirish;
- Muntazam takrorlanuvchi kichik jarohatlar.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, yillar oldin bo‘lib o‘tgan oddiy yiqilish yoki zarba ham vaqt o‘tib surunkali og‘riqqa aylanishi mumkin.
Agar sizda shu belgilar bo‘lsa, sergak torting! Dumg‘aza og‘rig‘ining o‘ziga xos tipik belgilari bor:
- Uzoq o‘tirganda og‘riqning kuchayishi;
- Qattiq joyda (stul, yer) umuman o‘tira olmaslik;
- O‘tirgan joydan o‘rindan turayotganda qiynalish;
- Dumg‘aza sohasida ta’sirchanlik (teginsa og’rishi);
- O‘tirganda og‘riqning yaqqol va kuchli ortishi.
Noto‘g‘ri tashxis — keraksiz davolanish demakdir Afsuski, ba’zi bemorlar yillar davomida mutlaqo boshqa tashxislar bilan davolanadi. Asl muammo dumg‘azada ekanligi esa juda kech ma’lum bo‘ladi. Bu holat keraksiz dori-darmonlar ichishga, noto’g’ri muolajalarga va hatto ba’zan keraksiz jarrohlik amaliyotlariga ham olib kelishi mumkin.
Davolashda umumiy yondashuv muhim Fayzullaxon Nematullayevich Shukurov dumg‘aza og‘riqlarini davolashda faqat og‘riyotgan joyning o‘ziga e’tibor qaratish yetarli emasligini aytadi. Muolaja rejasida chanoq tuzilishi, mushaklar tizimi, paylar va asab tizimi birgalikda tekshirilishi va baholanishi shart.
Qanday usullar qo‘llaniladi? Hozirgi kunda ushbu muammoni davolashda quyidagi zamonaviy usullardan foydalanilmoqda:
- Manual terapiya;
- Neyroterapiya va proloterapiya;
- To‘g‘ridan-to‘g‘ri og‘riq nuqtasiga qilinadigan ukollar (blokadalar);
- Mushaklarni bo‘shashtiruvchi usullar;
- Bemor uchun maxsus ishlab chiqilgan jismoniy mashqlar;
- To‘g‘ri o‘tirish va qomatni tutish odatlarini to’g’rilash.
Mutaxassisdan ogohlantirish: Dumg‘aza og‘riqlari hayot sifatini keskin tushirib yuboradi. Shuning uchun uzoq muddatli shikoyatlarni aslo e’tiborsiz qoldirmang. To‘g‘ri tashxis va to‘g‘ri davolash rejasi bilan ko’plab bemorlarda juda yaxshi natijalarga erishish mumkin.



