Bel churrasi — umurtqa pog‘onasi uchun xavfli va kundalik hayotimizni izdan chiqaruvchi keng tarqalgan muammo. Mutaxassis sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, bel churrasi aniqlangan har bir bemorni ham operatsiya qilish shart emas.
Zamonaviy tibbiyotda jarrohliksiz davolash usullari juda rivojlangan. Bemorlarimiz operatsiyasiz ham sog‘lig‘ini tiklab, yana kundalik ishlariga qaytishlari mumkin.
Operatsiya qachon kerak? Ko‘p hollarda bel churrasi jismoniy mashqlar, fizioterapiya va dori-darmonlar bilan davolanadi. Ammo:
- Oyoqlarda jiddiy kuchsizlik;
- Peshob yoki najasni tuta olmaslik;
- Boshqa muolajalar yordam bermagan o‘ta og‘ir holatlarda jarrohlik amaliyoti shart bo‘ladi.
«Nuqtali inyeksiya» (epidural inyeksiya) — samarali yechim Agar fizioterapiya va dori vositalari foyda bermasa, ammo bemorda falajlik belgilari bo‘lmasa, biz «nuqtali inyeksiya» (epidural inyeksiya) usulini qo‘llaymiz. Bu xalq tilida «bel churrasiga qarshi ukol» deb ataladi va bemorlarimiz uchun juda qulay hamda samarali yechim hisoblanadi.
Klinik tajribamizdan bir misol: Yaqinda bir bemorimiz L4-L5 umurtqalarida katta churra bilan murojaat qildi. Eng muhimi, bemorda oyoq kuchsizligi yo‘q edi, faqat belida chidab bo‘lmas og‘riq bor edi. U oldin ham turli muolajalar olgan, ammo foydasi bo‘lmagandi. Biz unga epidural inyeksiya muolajasini qo‘lladik. Natija juda a’lo bo‘ldi — og‘riqlar kamaydi va bemorimiz operatsiyasiz sog‘ayib ketdi.
Tavsiyam: Bel churrasi tashxisi qo‘yilsa, darhol operatsiyadan cho‘chimang. Avvalo, tajribali shifokor nazoratida bo‘lib, jarrohliksiz davolash imkoniyatlarini to‘liq sinab ko‘ring. To‘g‘ri yondashuv bilan operatsiyasiz ham sog‘lom hayotga qaytish mumkin!
Fayzullaxon Nematullayevich Shukurov Umurtqa jarrohi (vertebrolog)



