Bugungi kunda yoshlar orasida bel churrasi muammosi juda ko‘payib bormoqda. Mutaxassis sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, bunga eng katta sabab — telefon va planshetlarga uzoq vaqt egilib qarab o‘tirishdir.
Belingizni kelajakda (ayniqsa, 40 yoshdan keyin) og‘riqlardan saqlab qolish uchun hozirdanoq quyidagi qoidalarga amal qiling:
Yoshlar va o‘smirlar uchun:
- To‘g‘ri o‘tiring: Bukchayib (kambur) o‘tirishdan saqlaning.
- Sumkani to‘g‘ri ko‘taring: Maktab sumkasini bir yelkada emas, ikkala yelkada teng taqib yuring. Sumka og‘irligi tana vazningizning 15 foizidan oshmasligi kerak.
- Sport bilan do‘st bo‘ling: Suzish, gimnastika va yugurish kabi mashqlar tana mushaklarini mustahkamlaydi.
- Gadjetlarni cheklang: Telefonga uzoq vaqt egilib qarab o‘tirish umurtqa pog‘onangiz uchun juda zararli.
- Mashq qiling: 18-30 yosh oralig‘ida qorin va bel mushaklarini chiniqtiruvchi mashqlar (masalan, plank) juda foydali.
- Tanaffus qiling: Agar uzoq vaqt o‘tirib ishlashingiz kerak bo‘lsa, har 30-45 daqiqada o‘rningizdan turib, biroz harakat qiling.
- Zararli odatlardan voz keching: Sigaret chekish umurtqa disklarining oziqlanishini buzadi.
30-45 yoshdagilar uchun:
- Vazningizni nazorat qiling: Ortiqcha vazn belga doimiy yuk beradi.
- Yotoq tanlash: Juda yumshoq yotoqlar bel uchun xavfli. O‘zingizga mos, qattiqroq matras tanlang.
- Bel og‘rig‘ini e’tiborsiz qoldirmang: «O‘tib ketar» deb kutmang. Bel og‘rig‘i — tanangiz sizga berayotgan signaldir.
45 yoshdan keyin:
- Muntazam harakat: Piyoda yurish, yoga va suzish — eng yaxshi dori.
- Belni asrang: Belni shamollatib qo‘ymang (sovuqdan saqlang).
- Yuk ko‘tarishda ehtiyot bo‘ling: Birdaniga burilib yoki noto‘g‘ri holatda og‘ir yuk ko‘tarmang.
Unutmang: Kuchli qorin mushaklari — sog‘lom bel degani. Oz bo‘lsa-da, muntazam harakat qilib turish belingizni umr bo‘yi sog‘lom saqlashning kalitidir.
Fayzullaxon Shukurov Ortoped-travmatolog va vertebrolog




