So‘nggi yillarda yoshlar orasida bel churrasi (grija) holatlari keskin ko‘payib borayotganini kuzatmoqdamiz. Ilgari asosan o‘rta va keksa yoshdagilarda uchraydigan bu kasallik, endilikda yoshlar uchun ham jiddiy muammoga aylanmoqda.
Nima uchun yoshlarda bel churrasi ko‘paydi? Mutaxassis sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, bunga asosiy sabablar — harakatsiz hayot tarzi, noto‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha vazn va uzoq vaqt ekran (telefon/kompyuter) qarshisida o‘tirib qolishdir.
Harakat — umurtqa pog‘onasi uchun hayot demakdir Yoshlar bugungi kunda vaqtlarining asosiy qismini o‘tirgan holda o‘tkazishmoqda. Vaholanki, umurtqa pog‘onasi harakatlanish uchun yaratilgan. Uzoq vaqt o‘tirib ishlash yoki dars qilish bel va qorin mushaklarini bo‘shashtiradi. Mushaklar kuchsizlansa, umurtqa disklariga tushadigan yuk ortadi va churra rivojlanish xavfi oshadi.
Ortiqcha vazn — belning «dushmani» «Fast-food» va noto‘g‘ri ovqatlanish natijasida vazn ortishi belga mexanik yukni oshiradi. Bu esa umurtqaning muddatidan oldin eskirishi va yeyilishiga olib keladi.
Har qanday og‘riq ham grija emas Bel og‘rig‘ini sezgan har bir inson «menda grija bor» deb o‘ylamasligi kerak. Ammo, agar og‘riq oyog‘ingizga o‘tsa, uvishish, karincalanish yoki kuchsizlik sezsangiz, albatta, shifokor ko‘rigidan o‘tishingiz shart.
Yoshlarda davolash imkoniyati yuqori Yuraklaringizni xotirjam qilmoqchiman: bel churrasi aniqlangan taqdirda ham, har doim operatsiya qilish shart emas. Ayniqsa yoshlarda to‘qimalarning tiklanish qobiliyati yuqori bo‘lgani uchun davolash jarayoni ancha samarali kechadi.
Biz ko‘pincha quyidagi usullardan foydalanib, operatsiyasiz juda yaxshi natijalarga erishamiz:
- Fizioterapiya va reabilitatsiya;
- Bemor uchun maxsus ishlab chiqilgan jismoniy mashqlar;
- Manual terapiya;
- Neyroterapiya va Proloterapiya;
- Robotik lazer usullari.
Ko‘pgina bemorlarimiz jarrohliksiz o‘zlarining kundalik hayotlariga qaytishmoqda.
Kelajagingizni hozirdanoq asrang! Kelajakda sog‘lom bo‘lish uchun yoshlikdan to‘g‘ri odatlarni shakllantiring: muntazam mashq qiling, ideal vazningizni saqlang, bir holatda uzoq o‘tirmang va doimiy harakatda bo‘ling. Yoshlikda qilingan kichik harakatlar kelajakda umurtqangizning sog‘lom qolishini ta’minlaydi.
Fayzullaxon Nematullayevich Shukurov Umurtqa jarrohi (vertebrolog)




