Skip to main content

Bel churrasi (grija) og‘rig‘ini «o‘tib ketar» deb yuradigan bemorlarda asab to‘qimalariga tushayotgan bosim kuchayib ketishi va davolanish jarayoni yanada murakkablashishi mumkin. Mutaxassis sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, bel churrasini davolashda barcha bemorlarga bir xil usulni qo‘llash noto‘g‘ri.

«MRT natijasi — bu hali tashxis emas» Ko‘pchilik bemorlar MRT tekshiruvi natijasini ko‘rib, darhol «operatsiya qildirishim kerak» deb o‘ylashadi. Ammo MRT tasviri operatsiya uchun yagona mezon emas. Bel churrasini davolashda bemorning shikoyatlari, shifokor ko‘rigidagi belgilar va asabga bo‘layotgan bosimning darajasi muhimroqdir. Ba’zan MRTda churra katta ko‘rinsa-da, bemorning ahvoli yengil bo‘ladi, ba’zan esa kichikroq churra inson hayot sifatini jiddiy buzishi mumkin.

Og‘riqni ortga surish xavfli Bel va oyoq og‘rig‘ini uzoq vaqt e’tiborsiz qoldirish asabdagi bosimning kuchayishiga olib keladi. Ayniqsa, oyoqqa tarqaladigan og‘riq, uvishish yoki oyoqda kuchsizlik sezilsa, vaqtni o‘tkazmay shifokorga murojaat qilish kerak. Erta bosqichda qilingan to‘g‘ri reja davolash imkoniyatlarini ko‘paytiradi va bemorning tezroq oyoqqa turishini ta’minlaydi.

Davolash bemorga qarab belgilanadi Bel churrasida har bir bemor uchun alohida «yo‘l xaritasi» tuziladi:

  • Operatsiyasiz usullar: Ko‘plab bemorlarda dam olish, dori-darmonlar, fizioterapiya, maxsus mashqlar va boshqa invaziv (operatsiyasiz) usullar bilan og‘riqlarni to‘liq nazorat qilish mumkin.
  • Jarrohlik (Operatsiya): Endoskopik (yopiq) yoki mikroxirurgik usullar sinir to‘qimalarini saqlab qolgan holda juda aniq va nozik tarzda amalga oshiriladi. Bu usullar faqat asabga jiddiy bosim bo‘lgan, kuch yo‘qolgan yoki boshqa usullar yordam bermagan holatlarda tavsiya etiladi.

Bizning maqsadimiz: Maqsadimiz — har bir bemorga bir xil muolajani o‘tkazish emas, balki bemorga eng mos keladigan usulni aynan kerakli vaqtda tanlashdir. To‘g‘ri vaqtda, to‘g‘ri tashxis va to‘g‘ri davolash — muvaffaqiyat garovidir.

Fayzullaxon Nematullayevich Shukurov Ortoped-travmatolog va vertebrolog

 

 

Яндекс.Метрика